10-modda. Vazirlar Mahkamasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan munosabatlari
“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgarishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (524-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Vazirlar Mahkamasi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan oʻzaro hamkorlik qiladi, uning Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining hamda Oliy Majlis palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari hamda xoʻjalik va ijtimoiy-madaniy qurilish masalalariga doir boshqa hujjatlar qanday bajarilayotganligi haqidagi maʼlumotlarini eshitadi;
Vazirlar Mahkamasining vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining takliflarini koʻrib chiqadi;
vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvining boshqa organlari tomonidan tarmoqlararo va mintaqaviy oʻta muhim kompleks dasturlarni amalga oshirishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi huquqlariga rioya etilishini taʼminlaydi, bunda chiqib qoladigan bahsli masalalarni hal etadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlariga zid boʻlgan qarorlari va farmoyishlarining ijro etilishini oʻz vakolati doirasida toʻxtatib qoʻyish huquqiga ega.
Qoraqalpogʻiston Respublikasini iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy rivojlantirishga, tabiiy resurslaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilishga taalluqli masalalar Vazirlar Mahkamasi tomonidan hal etilayotganda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining fikri hisobga olinadi.
Vazirlar Mahkamasi huzurida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Doimiy vakolatxonasi boʻladi.
