3994-modda. Apellatsiya instansiyasi sudining ajrimi
Sud qarorlarini qayta koʻrish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-661-son) · Sana: 12.01.2021 · Amalda
Apellatsiya instansiyasi sudining ajrimida quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:
1) ajrim chiqarilgan sana va joy;
2) ajrim chiqargan sudning nomi va tarkibi;
3) taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning ishtiroki toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
4) ish kimning shikoyati yoki protesti boʻyicha koʻrib chiqilganligi;
5) shikoyat qilingan yoki protest keltirilgan sud hujjatining nomi va uning qisqacha mazmuni;
6) shikoyatda yoki protestda bayon etilgan vajlar, taqdim etilgan materiallarning qisqacha mazmuni, ishni koʻrishda ishtirok etgan shaxslarning tushuntirishlari va prokurorning fikri;
7) apellatsiya instansiyasi sudi xulosaga kelishiga asos boʻlgan sabablar hamda sud amal qilgan moddiy va protsessual huquq normalari;
8) qarorning xulosa qismi.
Sud shikoyatni (protestni) rad qilgan taqdirda oʻz ajrimida qaysi sabablarga koʻra shikoyatdagi (protestdagi) vajlarni notoʻgʻri deb yoki qarorni bekor qilish, oʻzgartirish yoxud yangi hal qiluv qarori chiqarish uchun asos boʻlmaydi deb topganligini koʻrsatishi shart.
Apellatsiya instansiyasi sudining ajrimi ishni koʻrgan sudyalar tomonidan imzolanadi.
Apellatsiya instansiyasi sudi ajrimining nusxalari ishda ishtirok etgan shaxslarga ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay pochta orqali yoki elektron hujjat tarzida yuboriladi.
Apellatsiya instansiyasi sudining ajrimi chiqarilgan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
