3993-modda. Protsessual huquq normalarini buzish yoki notoʻgʻri qoʻllash
Sud qarorlarini qayta koʻrish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-661-son) · Sana: 12.01.2021 · Amalda
Protsessual huquq normalarining buzilganligi yoki notoʻgʻri qoʻllanilganligi ishning notoʻgʻri hal etilishiga sabab boʻlgan yoki sabab boʻlishi mumkin boʻlgan taqdirdagina hal qiluv qarorining, ajrimning yoki qarorning bekor qilinishiga asos boʻladi.
Agar:
1) ish sud tomonidan gʻayriqonuniy tarkibda yoki taalluqlilik toʻgʻrisidagi qoidalar buzilgan holda koʻrilgan boʻlsa;
2) ish sud muhokamasida ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan, ammo sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qilinmagan shaxslardan biror-biri yoʻqligida koʻrilgan boʻlsa;
3) ish koʻrilayotganida ish yuritilayotgan tilga doir qoidalar buzilgan boʻlsa;
4) sud ishida ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlari toʻgʻrisidagi masalani hal qilgan boʻlsa;
5) hal qiluv qarori, ajrim, qaror chiqarishda sud maslahatining sir saqlanishiga doir qoidalar buzilgan boʻlsa;
6) hal qiluv qarori, ajrim, qaror sudya tomonidan imzolanmagan yoki ishni koʻrgan va hal qilgan sudyalardan (sudyadan) boshqa sudyalar (sudya) tomonidan imzolangan boʻlsa;
7) ishda sud majlisi bayonnomasi mavjud boʻlmasa yoki u imzolanmagan boʻlsa, hal qiluv qarori, ajrim, qaror bekor qilinishi mumkin.
