5091-modda. Shikoyat, protest kassatsiya instansiyasi sudiga koʻrib chiqish uchun kiritilganligi toʻgʻrisida xabardor qilish
Jinoyat ishlari boʻyicha sud qarorlarini qayta koʻrish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-664-son) · Sana: 12.01.2021 · Amalda
Mahkum, oqlangan shaxs, ularning himoyachilari, qonuniy vakili, jabrlanuvchi yoki uning vakili, shuningdek fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar yoki ularning vakillari, agar shikoyat, protest ularning manfaatlariga daxldor boʻlsa, ish kassatsiya instansiyasi sudiga koʻrib chiqish uchun kiritilganligi toʻgʻrisida uch kunlik muddat ichida xabardor qilinadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarga shikoyatning, protestning koʻchirma nusxasi yuboriladi yoxud ularning elektron nusxalari bilan kassatsiya instansiyasi sudining internet-resursi orqali tanishish mumkinligi toʻgʻrisidagi xabarnoma yuboriladi. Bunda taraflarga shikoyatga (protestga) doir oʻz eʼtirozlarini yozma shaklda yoxud elektron hujjat tarzida, eʼtirozlar taqdim etilgan muddatni koʻrsatgan holda berishga boʻlgan huquqi tushuntiriladi. Shikoyat (protest) ustidan kelib tushgan eʼtirozlar ishga qoʻshib qoʻyiladi.
