509-modda. Shikoyatni, protestni kassatsiya instansiyasi sudiga koʻrib chiqish uchun kiritishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimning mazmuni
Jinoyat ishlari boʻyicha sud qarorlarini qayta koʻrish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-664-son) · Sana: 12.01.2021 · Amalda
Shikoyatni, protestni kassatsiya instansiyasi sudiga koʻrib chiqish uchun kiritishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimda quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) ajrim chiqarilgan vaqt, joy;
2) ajrim chiqargan sudyaning lavozimi va familiyasi;
3) kassatsiya shikoyati, protesti bergan shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
4) birinchi instansiya va apellatsiya instansiyasi sudlarining nomi, shuningdek ular tomonidan qabul qilingan sud qarorlarining qisqacha mazmuni;
5) kassatsiya shikoyatining, protestining qisqacha mazmuni;
6) shikoyatni, protestni kassatsiya instansiyasi sudiga koʻrib chiqish uchun kiritishni rad etish asoslari;
7) ajrim ustidan shikoyat berish, protest bildirish tartibi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi yoki uning oʻrinbosarlari kassatsiya shikoyati bergan shaxsning shikoyatiga, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining yoki uning oʻrinbosarlarining protestiga koʻra, oʻz ajrimi bilan sudyaning shikoyatni, protestni kassatsiya instansiyasi sudiga koʻrib chiqish uchun kiritishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimini bekor qilishga va kassatsiya shikoyatini, protestini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun kiritishga haqli.
