49731-modda. Apellatsiya instansiyasi sudining hukmi va ajrimi
Jinoyat ishlari boʻyicha sud qarorlarini qayta koʻrish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-664-son) · Sana: 12.01.2021 · Amalda
Apellatsiya instansiyasi sudining hukmi ushbu Kodeksning 454 — 477-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga rioya etilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi nomidan chiqariladi.
Apellatsiya instansiyasi sudining ajrimida quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:
1) ajrim chiqarilgan sana va joy;
2) sudning nomi va tarkibi, ishni koʻrishda ishtirok etgan prokuror va boshqa shaxslar;
3) apellatsiya shikoyati yoki protesti bergan shaxs;
4) birinchi instansiya sudining shikoyat yoki protest berilgan hukmining qaror qismi mazmuni;
5) shikoyatning, protestning, ishda ishtirok etayotgan shaxslar eʼtirozlari va tushuntirishlarining mohiyati, shuningdek prokurorning fikri;
6) shikoyat, protest boʻyicha apellatsiya instansiyasi sudining qarori.
Shikoyat, protest qanoatlantirilmay qoldirilganda apellatsiya instansiyasi sudining ajrimida hukm qonuniy, asosli va adolatli deb, birinchi instansiya sudining ajrimi qonuniy hamda asosli deb topilganligining, shikoyat yoki protest esa qanoatlantirilmasdan qoldirilganligining asoslari koʻrsatilishi kerak.
Hukm, ajrim bekor qilingan yoki oʻzgartirilgan taqdirda, apellatsiya instansiyasi sudining ajrimida qonunning qaysi normalari talablari buzilganligi va bekor qilinayotgan yoki oʻzgartirilayotgan qarorning asossizligi nimadan iborat ekanligi koʻrsatilishi kerak.
Apellatsiya instansiyasi sudi qaror qabul qilish chogʻida birinchi instansiya sudi tomonidan tekshirilgan dalillar va apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan tekshirilgan yangi dalillarga asoslanishi mumkin.
Apellatsiya instansiyasi sudining ajrimi sudning butun tarkibi tomonidan imzolanadi. Ovoz berish chogʻida ozchilik tarafda qolgan sudya ajrimni imzolab, oʻzining alohida fikrini yozma tarzda bayon etishga haqli.
Apellatsiya instansiyasi sudining ajrimi sud majlisi zalida oʻqib eshittiriladi va darhol qonuniy kuchga kiradi.
Apellatsiya instansiyasi sudining hukmi, ajrimi uni chiqargan sudga yoki boshqa sudga chiqarilgan kundan eʼtiboran besh sutkadan kechiktirmay jinoyat ishi bilan birga ijro etish uchun yuboriladi.
