49730-modda. Hukmni oʻzgartirish
Jinoyat ishlari boʻyicha sud qarorlarini qayta koʻrish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-664-son) · Sana: 12.01.2021 · Amalda
Apellatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining ayblov hukmini oʻzgartirish chogʻida quyidagilarga haqli:
1) jazoni yengillashtirishga yoki mahkumga nisbatan yengilroq jinoyatga oid qonunni qoʻllashga;
2) mahkumni oʻta xavfli retsidivist deb topishga;
3) jazoni ijro etish muassasasi turini yengilrogʻiga yoki ogʻirrogʻiga oʻzgartirishga;
4) jinoyat natijasida yetkazilgan va qoplanishi belgilangan moddiy zarar miqdorini, shuningdek maʼnaviy ziyonning kompensatsiyasi miqdorini kamaytirishga yoki koʻpaytirishga;
5) ashyoviy dalillar, protsessual chiqimlar toʻgʻrisidagi masalalarni va boshqa masalalarni hal etishga.
Oqlov hukmining oqlov asoslariga doir qismi oqlangan shaxsning, uning himoyachisining, qonuniy vakilining shikoyatiga koʻra oʻzgartirilishi mumkin.
