49717-modda. Apellatsiya instansiyasi sudida jinoyat ishini koʻrish tartibi
Jinoyat ishlari boʻyicha sud qarorlarini qayta koʻrish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-664-son) · Sana: 12.01.2021 · Amalda
Apellatsiya instansiyasi sudida jinoyat ishi birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari boʻyicha, ushbu bobda nazarda tutilgan qoidalar inobatga olingan holda koʻriladi.
Raislik qiluvchi sud majlisini ochadi hamda qanday jinoyat ishi va kimning apellatsiya shikoyati, protesti boʻyicha koʻrilishini eʼlon qiladi.
Raislik qiluvchi sud tarkibini eʼlon qiladi, prokurorning, himoyachining, sud majlisi kotibining va, agar sud majlisida ishtirok etayotgan boʻlsa, tarjimonning familiyasi, ismini va otasining ismini maʼlum qiladi.
Apellatsiya instansiyasi sudi majlisining joyi, sanasi va vaqti toʻgʻrisida oʻz vaqtida xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi jinoyat ishini koʻrishga monelik qilmaydi, bundan sud majlisida ishtirok etishi shart boʻlgan shaxslar mustasno.
Raislik qiluvchi hozir boʻlgan jinoyat protsessi ishtirokchilariga ularning huquqlarini tushuntiradi va ularda rad qilishga oid arzlar va iltimosnomalar bor-yoʻqligini, apellatsiya shikoyatida, protestida bayon etilgan iltimoslarni quvvatlashini yoki quvvatlamasligini aniqlaydi. Bunday iltimoslar mavjud boʻlganda sud ular boʻyicha ajrim chiqaradi.
Sud muhokamasi sudyalardan birining maʼruzasi bilan boshlanadi. U birinchi instansiya sudi hukmining yoki ajrimining mazmunini, apellatsiya shikoyatining, protestining mazmunini va unga qarshi eʼtirozlarning mohiyatini qisqacha bayon etadi.
Raislik qiluvchi apellatsiya shikoyati bergan shaxsga, apellatsiya shikoyati va protesti kimga nisbatan berilgan boʻlsa oʻsha shaxsga, ularning himoyachilari va vakillariga, soʻngra esa prokurorga soʻz beradi. Ish boʻyicha bir nechta shikoyat mavjud boʻlgan taqdirda, soʻzga chiqish navbati sud tomonidan taraflarning fikri inobatga olingan holda belgilanadi. Agar berilgan apellatsiya shikoyatlari orasida prokurorning apellatsiya protesti boʻlsa, soʻz birinchi navbatda unga beriladi.
Sud taraflarning soʻzlarini eshitib, hukmning qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini lozim darajada tekshirib koʻrishni taʼminlash zaruratidan kelib chiqib, bevosita sud majlisida tekshiriladigan dalillar hajmini aniqlash toʻgʻrisida; sud majlisiga sudlanuvchini, jabrlanuvchilarni, guvohlarni, ekspertlar va zarurat boʻlsa, boshqa shaxslarni chaqirish haqida; sudlanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasini saqlab qolish, tanlash, bekor qilish yoki oʻzgartirish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
