9-modda. Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida (434-II-son) · Sana: 12.12.2002 · Amalda
Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari quyidagilardan iborat:
1) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
2) Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining hisobotini koʻrib chiqish;
3) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini koʻrib chiqish va maʼqullash;
4) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishning dolzarb masalalari yuzasidan, shuningdek Vazirlar Mahkamasi aʼzolarining oʻz faoliyati masalalari yuzasidan hisobotlarini eshitish;
5) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aʼzoligiga nomzodlarni koʻrib chiqish va maʼqullash;
6) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari boʻyicha har yilgi maʼruzasini eshitish;
7) davlat organlarining mansabdor shaxslariga parlament soʻrovini yuborish va parlament nazoratining boshqa shakllarini amalga oshirish;
8) Qonunchilik palatasining Spikeri va uning oʻrinbosarlarini, qoʻmitalarning raislari va ularning oʻrinbosarlarini saylash;
9) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimiga binoan Qonunchilik palatasi deputatini daxlsizlik huquqidan mahrum etish toʻgʻrisidagi masalalarni hal etish;
10) Reglamentni hamda oʻz faoliyatini tashkil etish va palataning ichki-tartib qoidalari bilan bogʻliq masalalar yuzasidan boshqa qarorlarni qabul qilish;
11) siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayot sohasidagi u yoki bu masalalar yuzasidan, shuningdek davlatning ichki va tashqi siyosati masalalari yuzasidan Qonunchilik palatasining qarorlarini qabul qilish;
12) Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
