10-modda. Qonunchilik palatasi majlisi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida (434-II-son) · Sana: 12.12.2002 · Amalda
Qonunchilik palatasi faoliyatining tashkiliy shakli uning Qonunchilik palatasi sessiyalari davrida oʻtkaziladigan majlislaridir.
Navbatdagi sessiyalar, qoida tariqasida, sentabrning birinchi ish kunidan boshlab kelgusi yilning iyun oyi oxirgi ish kuniga qadar oʻtkaziladi.
Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisi saylovdan soʻng ikki oydan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan chaqiriladi.
Qonunchilik palatasining birinchi majlisini Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi ochadi va Qonunchilik palatasi Spikeri saylangunga qadar unda raislik qiladi.
Qonunchilik palatasi va uning organlari majlislarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Senat Raisi, Bosh vazir, Vazirlar Mahkamasining aʼzolari, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi raislari, Bosh prokuror ishtirok etishlari mumkin.
Qonunchilik palatasi majlisiga davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning vakillari, mutaxassislar va olimlar, matbuot organlarining, televideniye, radio va boshqa ommaviy axborot vositalarining vakillari taklif qilinishi mumkin.
Qonunchilik palatasi majlislari ochiq va oshkora oʻtkaziladi.
Zarurat boʻlganda, Qonunchilik palatasi yopiq majlis oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
Qonunchilik palatasi majlislarini tashkil qilish va oʻtkazish tartibi Qonunchilik palatasi Reglamentida belgilanadi.
