13-modda. Senat Raisi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida (432-II-son) · Sana: 12.12.2002 · Amalda
Senat Raisi Senat tarkib topganidan keyingi birinchi majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Senat aʼzolari orasidan yashirin ovoz berish orqali senatorlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan Senat vakolati muddatiga saylanadi. Senat Raisligiga nomzod koʻrsatish va saylash tartibi Senat Reglamentida belgilanadi.
Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Senat Raisi boʻlishi mumkin emas.
Senat Raisi oʻz vazifasini bajarish davrida siyosiy partiya va harakatlarga aʼzolikni toʻxtatib turadi.
Senat Raisi Senat qoʻmitalarining tarkibiga saylanishi mumkin emas.
Senat Raisi yashirin ovoz berish orqali senatorlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan koʻprogʻining ovozi bilan qabul qilingan Senat qaroriga binoan muddatidan ilgari chaqirib olinishi mumkin.
Senat Raisi oʻz vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan farmoyishlar chiqaradi.
