12-modda. Parlament soʻrovi, senator soʻrovi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida (432-II-son) · Sana: 12.12.2002 · Amalda
Senat davlat organlarining mansabdor shaxslariga qonunlarning, turli sohalardagi davlat dasturlarining ijrosi masalalari hamda ularning vakolatlariga kiradigan boshqa muhim masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon etish talabi bilan parlament soʻrovi yuborishga haqli.
Senat aʼzosi davlat organlarining mansabdor shaxslariga, qoida tariqasida, tegishli hududlarning manfaatlari bilan bogʻliq masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon etish talabi bilan soʻrov yuborishga haqli.
Davlat organlarining mansabdor shaxslari tegishincha parlament soʻroviga, senator soʻroviga javobni Senat Reglamentida belgilangan tartibda va muddatlarda beradi. Parlament soʻroviga, senator soʻroviga javob oʻz nomiga soʻrov yuborilgan mansabdor shaxs yoki uning vazifalarini vaqtincha bajarayotgan shaxs tomonidan imzolanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi vakolatli vakili Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining aʼzolariga, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga yuborilgan parlament soʻroviga, shuningdek senatorning soʻroviga oʻz vaqtida javob yuborilishini taʼminlashga koʻmaklashadi.
