171-modda. Milliy gvardiya organlarida xizmatni oʻtash bilan bogʻliq cheklovlar
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi toʻgʻrisida (O‘RQ-647-son) · Sana: 18.11.2020 · Amalda
Milliy gvardiya xodimlari quyidagilarga haqli emas:
oʻzaro yaqin qarindoshlikda yoki quda tomondan qarindosh boʻlgan shaxslar bilan (ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, oʻgʻillar, qizlar, er-xotinlar, shuningdek, er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari) Milliy gvardiya organlarida birga xizmat qilishi, agar ularning birga xizmat qilishi ulardan birining ikkinchisiga bevosita boʻysunishiga olib kelsa;
ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa faoliyat bilan shugʻullanishga;
tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishga;
tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) boʻlishga, tadbirkorlik faoliyati subyektida tashkiliy-boshqaruv, maʼmuriy-xoʻjalik vazifalarini bajarishga;
oʻz xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini koʻzlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan biron-bir mukofot, foyda yoki sovgʻalar olishga;
qonunchilikda nazarda tutilmagan imtiyozlardan, preferensiyalar yoki afzalliklardan oʻz xizmat mavqeyi bilan bogʻliq holda foydalanishga;
qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarda, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda ishtirok etishga;
chet davlat fuqaroligini yoki chet davlatda doimiy yashash huquqini beruvchi hujjatni olish maqsadida murojaat qilishga;
Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida hisobvaraqlar ochishga va ularga ega boʻlishga, koʻchmas mulkka va boshqa mol-mulkka egalik qilishga, bundan chet davlatda taʼlim olish, stajirovka oʻtash va tibbiy xizmatlardan foydalanish maqsadida ochilgan hisobvaraqlar mustasno;
oʻzining vakolatlarini siyosiy partiyalarning, boshqa jamoat birlashmalarining va ular organlarining manfaatlarini koʻzlab amalga oshirishga, xizmat majburiyatlarini amalga oshirish bilan bogʻliq hollar bundan mustasno;
xizmatni oʻtash vaqtida diniy rasm-rusumlar va marosimlarni bajarishga, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan alohida hollar bundan mustasno;
Milliy gvardiya organlarining binolarida va hududida diniy rasm-rusumlar va marosimlarni tashkil etishga, diniy mazmundagi materiallar va buyumlarni saqlashga, xizmat majburiyatlarini amalga oshirish bilan bogʻliq hollar bundan mustasno.
