17-modda. Milliy gvardiya xodimlari tomonidan xizmatni oʻtash tartibi
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi toʻgʻrisida (O‘RQ-647-son) · Sana: 18.11.2020 · Amalda
Milliy gvardiya xodimlariga nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikning amal qilishi Milliy gvardiya organlarida xizmatni oʻtash masalalarini belgilovchi qonunchilikda va ushbu Qonunda tartibga solinmagan qismiga nisbatan tatbiq etiladi.
Milliy gvardiya xodimlari uchun ish vaqtining davomiyligi haftasiga qirq soatdan oshmasligi kerak.
Zarur boʻlgan hollarda, Milliy gvardiya xodimlari xizmatni oʻtashga kuchaytirilgan yoki sutkalik rejimda jalb qilinishi mumkin.
Kuchaytirilgan rejim Milliy gvardiya xodimlari uchun kuniga ish vaqtidan tashqari davomiyligi toʻrt soatdan oshmaydigan ish belgilanishini nazarda tutadi.
Sutkalik rejim Milliy gvardiya xodimlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilariga umumqoʻshin payogi normalari doirasida belgilanadigan oziq-ovqat payogini kompensatsiya qilish oʻrniga xizmatni oʻtash joyida uch mahal bepul ovqatlangan holda xizmatni sutkalik oʻtash belgilanishini nazarda tutadi.
Kuchaytirilgan yoki sutkalik rejimni joriy etish hamda bekor qilish Milliy gvardiya qoʻmondonining buyruqlari asosida amalga oshiriladi.
Milliy gvardiya xodimlariga taʼtilni oʻtkazish joyiga borish va qaytish uchun zarur boʻlgan, biroq uch kundan oshmaydigan vaqt qoʻshilgan holda davomiyligi oʻttiz kalendar kun boʻlgan haq toʻlanadigan har yilgi taʼtil beriladi.
Milliy gvardiya xodimlariga quyidagi kalendar hisobdagi xizmat davri uchun:
oʻn yillik xizmatdan soʻng — davomiyligi besh kun;
oʻn besh yillik xizmatdan soʻng — davomiyligi oʻn kun;
yigirma yillik xizmatdan soʻng — davomiyligi oʻn besh kun boʻlgan, haq toʻlanadigan qoʻshimcha taʼtil beriladi.
Milliy gvardiya xodimlariga boshqa turdagi taʼtillar ham berilishi mumkin.
Milliy gvardiya xodimlariga ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa faoliyat turlari bilan shugʻullanish taqiqlanadi.
Xizmat faoliyatida yuqori natijalarga erishganlik, xizmat majburiyatlarini namunali tarzda bajarganlik, benuqson xizmat qilganlik va Milliy gvardiya tizimini rivojlantirish hamda takomillashtirishga hissa qoʻshganlik, xizmat burchini bajarish chogʻida mardlik va jasorat koʻrsatganlik, ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirganlik hamda boshqa alohida xizmatlari uchun Milliy gvardiya xodimlari Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotlari bilan taqdirlanishga taqdim etilishi, shuningdek Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan taʼsis etiladigan farqlovchi idoraviy belgilar bilan mukofotlanishi mumkin.
