28-modda. Genomga oid axborotning yagona maʼlumotlar bazasida saqlanayotgan genomga oid axborotni toʻsib qoʻyish, egasizlantirish
Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish toʻgʻrisida (O‘RQ-649-son) · Sana: 24.11.2020 · Amalda
Genomga oid axborotni toʻsib qoʻyish genomga oid axborotni yigʻishni, oʻzgartirishni, toʻldirishni, undan foydalanishni, uni berishni, egasizlantirishni, yoʻq qilishni toʻxtatib turishga doir harakatlar hisoblanadi.
Genomga oid axborotning yagona maʼlumotlar bazasida saqlanayotgan genomga oid axborotni toʻsib qoʻyish vakolatli davlat organi tomonidan unga ishlov berish shart-sharoitlari buzilganligi toʻgʻrisida axborot mavjud boʻlgan taqdirda amalga oshiriladi. Toʻsib qoʻyish tekshirish tadbirlari oʻtkazilganidan va aniqlangan buzilishlar bartaraf etilganidan keyin bekor qilinadi.
Genomga oid axborotning muayyan shaxsga taalluqliligini qoʻshimcha axborotdan foydalanmagan holda aniqlash mumkin boʻlmay qolishiga olib keluvchi harakatlar genomga oid axborotni egasizlantirishdir.
Vakolatli davlat organi genomga oid axborotni berish hollarida uning himoyalanganlik darajasini oshirish va ehtimol tutilgan zararlanish darajasini pasaytirish maqsadida Genomga oid axborotning yagona maʼlumotlar bazasida saqlanayotgan genomga oid axborotni egasizlantirishni amalga oshiradi.
Genomga oid axborotning yagona maʼlumotlar bazasida saqlanayotgan genomga oid axborotni toʻsib qoʻyish va (yoki) egasizlantirish, shuningdek toʻsib qoʻyishni va (yoki) egasizlantirishni bekor qilish tergovga qadar tekshiruvni, surishtiruvni, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlarning va sudning yozma topshiriqlari asosida vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
