VI-modda. Mol-mulki va moliyaviy mablagʻlari
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya Universiteti ustavini tasdiqlash toʻgʻrisida (526-son) · Sana: 12.11.1992 · Amalda
19. Universitet mol-mulkini oʻzining balansida turgan, shu jumladan, xoʻjalik, tijorat, ilmiy-texnika va boshqa xoʻjalik faoliyati natijasida sotib olingan binolar, inshootlar, asbob-uskunalar va boshqa mol-mulklar tashkil etadi.
20. Universitet mablagʻlari quyidagilar hisobiga shakllanadi:
budjet mablagʻlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida oʻqitish shartlari va toʻlanadigan haq miqdorlari haqidagi Nizomga asosan Universitetda oʻqish uchun toʻlovlar;
talabalarni tayyorlash va mutaxassislarni qayta tayyorlash uchun xarajatlarni qoplash tartibida vazirliklar va idoralar, konsernlar, uyushmalar, korxonalar, tashkilotlar tomonidan Universitet hisobiga oʻtkazilgan mablagʻlar;
ijtimoiy buyurtmalar va ijodiy ishlarni bajarish, mahsulotlarni sotish, Universitet huzurida tashkil etilgan xoʻjalik hisobidagi, tijorat tuzilmalarining ajratmalari boʻyicha xoʻjalik hisobi faoliyatidan, aholiga pulli xizmat koʻrsatishdan olingan daromadlar;
bank kreditlari;
respublika va xorijiy korxonalar, tashkilotlar, tijorat tuzilmalarining, alohida shaxslarning ixtiyoriy badallari;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
21. Xoʻjalik, ilmiy-texnika yoki boshqa xoʻjalik hisobidagi faoliyat natijasida olingan, shuningdek, xayriya, homiylik va boshqa tekin badal hisobiga olingan mol-mulk va mablagʻlar Universitetning oʻz mulki hisoblanadi.
22. Budjet boʻyicha va kreditorlar bilan hisob-kitob qilingandan soʻng Universitet tasarrufida qolgan daromad zarur jamgʻarmalarni tashkil etishga sarflanadi. Universitet jamgʻarmalariga oʻtkaziladigan pullarning meʼyorlari, hajmlari va tartibi Universitet rektori tomonidan tasdiqlangan jamgʻarmalar va ulardan foydalanish haqidagi Nizom bilan belgilanadi.
23. Universitet jamgʻarmalari toʻlaligicha Universitet ixtiyorida boʻladi. Ulardan foydalanish haqidagi shoshilinch qarorlar Universitet rektori tomonidan qabul qilinadi.
