19-modda. Narkologik kasallikka chalingan shaxsga oʻz roziligisiz yoki qonuniy vakilining roziligisiz narkologik yordam koʻrsatish
Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash toʻgʻrisida (O‘RQ-644-son) · Sana: 27.10.2020 · Amalda
Narkologik kasallikka chalingan shaxsga oʻzining yozma roziligisiz yoki qonuniy vakilining yozma roziligisiz narkologik yordam koʻrsatishga quyidagi hollarda yoʻl qoʻyiladi:
narkologik kasallikka chalingan shaxsda psixoaktiv moddalarni isteʼmol qilishi oqibatida uning oʻzi va atrofidagi shaxslar uchun bevosita xavf soluvchi alkogolli yoki zaharlanish natijasidagi psixozlar yuzaga kelganda;
hayotiy koʻrsatmalarga koʻra kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy aralashuv zarur boʻlganda;
ushbu Qonunning 25-moddasida va Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 96-moddasida nazarda tutilgan asoslarga koʻra majburiy davolash qoʻllanilganda.
Psixoaktiv moddalarni isteʼmol qilish oqibatida yuzaga kelgan alkogolli yoki zaharlanish natijasidagi psixoz holatidagi shaxsga uning yozma roziligisiz narkologik yordam koʻrsatish zarurligi haqidagi qaror uni koʻrikdan oʻtkazuvchi narkolog shifokor yoki psixiatr shifokor tomonidan qabul qilinadi. Alkogolli yoki zaharlanish natijasidagi psixoz toʻxtatilganidan (bartaraf etilganidan) keyin narkologik kasallikni davolashni davom ettirish narkologik kasallikka chalingan shaxsning yoki uning qonuniy vakilining ixtiyoriy yozma roziligi asosida amalga oshiriladi.
