3-modda. Asosiy tushunchalar
Aholi bandligi toʻgʻrisida (O‘RQ-642-son) · Sana: 20.10.2020 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari — ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan va ish topishda qiynalayotgan hamda mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslar;
band boʻlmagan aholi (band boʻlmagan shaxslar) — haq toʻlanadigan ishga yoki ish haqi (mehnat daromadi) keltiradigan mashgʻulotga ega boʻlmagan shaxslar;
“Bandlik xizmati” axborot tizimi — mehnat organlariga murojaat etgan jismoniy va yuridik shaxslarga koʻrsatilgan xizmatlarni hisobga olish uchun moʻljallangan elektron axborot tizimi;
Boʻsh (vakant) ish oʻrinlari milliy bazasi — Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga kiruvchi boʻsh (vakant) ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan maʼlumotlarning axborot bazasi;
ishsizlik — mehnat bozorida talabga ega boʻlmagan mehnatga layoqatli ishchi kuchining mavjudligi;
ishsizlik nafaqasi — ishsiz shaxslarni davlat tomonidan kafolatlangan tarzda pul shaklida qoʻllab-quvvatlash turi;
ish oʻrinlarini zaxiraga qoʻyish — aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish uchun tashkilot (ish beruvchi) tomonidan ish oʻrinlarini ajratish;
ish oʻrinlarini tashkil etishga doir davlat buyurtmasi — ish beruvchilarga ish qidirayotgan shaxslarni va ishsiz shaxslarni ishga joylashtirish uchun talab etiladigan tashkiliy-texnik shartlarga muvofiq, muayyan sondagi ish oʻrinlarini tashkil etish uchun beriladigan buyurtma;
ish oʻrinlarining eng kam soni — aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish uchun tashkilot xodimlarining roʻyxatdagi oʻrtacha soniga nisbatan xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining qarorlari bilan foizlarda belgilanadigan ish oʻrinlarining eng kam soni;
ish qidirayotgan shaxs — ishga joylashishda koʻmak olish uchun mahalliy mehnat organlariga murojaat qilgan va u yerda ish qidirayotgan shaxs sifatida roʻyxatga olingan shaxs;
Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish milliy tizimi — mehnat bozorining malakali xodimlarga boʻlgan haqiqiy ehtiyojlari hamda malakali ishchi kuchiga oid takliflar taʼlim va kasbga oʻqitish tizimi tomonidan maqbul tarzda kelishib olinishini taʼminlovchi huquqiy va institutsional jihatdan tartibga solish mexanizmlari yigʻindisi;
kasbiy standart — malaka va bilimning darajasiga, mehnatning mazmuniga, sifatiga va shart-sharoitlariga doir talablarni belgilaydigan, asosiy mehnat vazifalari tavsifini va ularni bajarish shartlarini oʻz ichiga olgan standart;
