38-modda. Nogironligi boʻlgan shaxslarning taʼlim olish huquqi
Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida (O‘RQ-641-son) · Sana: 15.10.2020 · Amalda
Nogironligi boʻlgan shaxslar barcha darajalardagi taʼlim tashkilotlarida taʼlim olish va oʻz qobiliyatini yanada toʻliqroq rivojlantirish uchun butun umri davomida taʼlim olish hamda jamiyat va davlat hayotida ishtirok etish huquqiga ega.
Davlat nogironligi boʻlgan shaxslarning inklyuziv taʼlimini rivojlantirishni, ularning taʼlim olishi va kasbiy tayyorgarlikdan, qayta tayyorlashdan va malaka oshirishdan oʻtishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini kafolatlaydi.
Taʼlim tashkilotlari davlat organlari bilan birgalikda nogironligi boʻlgan bolalarning maktabgacha, qoʻshimcha va umumiy oʻrta taʼlim olishini, shuningdek oʻrta maxsus, professional, oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlimi olishini taʼminlaydi.
Agar nogironligi boʻlgan bolalarni taʼlim muassasalarida oʻqitishning vaqtincha imkoni boʻlmasa, taʼlim sohasidagi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va taʼlim muassasalari nogironligi boʻlgan bolalarning sohaga oid shifokorlar tavsiyalari asosida hamda ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining roziligi bilan uyda oʻqitilishini taʼminlaydi.
Nogironligi boʻlgan bolalarni uyda oʻqitish Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Davlat nogironligi boʻlgan bolalarning bepul umumiy oʻrta, qoʻshimcha, oʻrta maxsus va professional taʼlim olishini kafolatlaydi.
Nogironligi boʻlgan shaxslarni toʻlovdan ozod qilgan holda yoki imtiyozli shartlar asosida maxsus oʻquv qoʻllanmalari va adabiyotlar, shuningdek surdotarjimonlar xizmatlaridan foydalanish imkoniyati bilan taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Nodavlat taʼlim tashkilotlari nogironligi boʻlgan shaxslarni (bolalarni) oʻqitganlik uchun toʻlov boʻyicha imtiyozlar belgilashga haqli.
Nogironligi boʻlgan shaxslarga taʼlim berish, ularni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish turli shakllarda, shu jumladan ishlab chiqarishdan ajralgan va ajralmagan holda, eksternat shaklida, shuningdek masofaviy taʼlim texnologiyalaridan foydalangan holda, umumiy tipdagi taʼlim muassasalarida va tashkilotlarida, ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarida, uyda, maxsus guruhlarda, sinflarda va yakka tartibdagi oʻquv rejalari boʻyicha oʻqitish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Nogironligi boʻlgan bolalarni har tomonlama va uygʻun rivojlantirish, ularda ijtimoiy faollikni shakllantirish, mehnatga ishtiyoq uygʻotish, ularni ilm-fanga, texnikaga, sanʼatga va sportga jalb etish maqsadida taʼlim muassasalari nogironligi boʻlgan bolalarning qoʻshimcha taʼlimdan foydalanishini, buning uchun zarur shart-sharoitlar yaratgan holda, davlat organlari bilan birgalikda taʼminlashi shart.
