32-modda. Nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya va abilitatsiya qilish
Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida (O‘RQ-641-son) · Sana: 15.10.2020 · Amalda
Nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilishning maqsadi ularga toʻlaqonli hayot tarzini yuritish hamda oʻz huquqlari va potensial imkoniyatlarini amalga oshirish imkonini beradigan ijtimoiy maqomini, oʻziga oʻzi xizmat koʻrsatishga va kasbiy faoliyatning har xil turlariga oid qobiliyatini tiklashdan iboratdir.
Davlat nogironligi boʻlgan shaxslarning davlat muassasalarida tibbiy, ijtimoiy, kasbiy hamda jismoniy reabilitatsiya va abilitatsiya qilinishini kafolatlaydi.
Tibbiy reabilitatsiya qilish nogironligi boʻlgan shaxslar aʼzolarining hamda organizmi tizimlarining buzilgan va (yoki) yoʻqolgan funksiyalarini saqlab qolishga, qisman yoki toʻliq tiklashga qaratilgan tibbiy xizmatlar majmuidir.
Ijtimoiy reabilitatsiya qilish nogironligi boʻlgan shaxslarning hayot faoliyati cheklanganligini yengib oʻtishi uchun shart-sharoitlar yaratishga, ijtimoiy maqomini, oʻziga oʻzi xizmat koʻrsatish, mustaqil yashash imkoniyatlarini tiklashga, shuningdek ularni jamiyatda oilaviy hayotning odatiy sharoitlariga qaytarishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuidir.
Kasbiy reabilitatsiya qilish nogironligi boʻlgan shaxslarni kasbga yoʻnaltirishga, kasbga oʻqitishga va ishga joylashtirishga, shuningdek ularning boy berilgan kasbiy bilimlari, mahorati va koʻnikmalarini tiklashga qaratilgan chora-tadbirlar majmuidir.
Nogironligi boʻlgan shaxslar organizmining buzilgan yoki vaqtincha yoʻqolgan funksiyalarini hamda ularning ijtimoiy va kasbiy faoliyatga boʻlgan qobiliyatini jismoniy tarbiya va sport vositalari hamda usullaridan foydalangan holda tiklash (tuzatish va kompensatsiya qilish) jismoniy reabilitatsiya qilishdir.
Nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya va abilitatsiya qilish nogironligi boʻlgan shaxsni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturiga muvofiq tashkil etiladi.
Abilitatsiya qilish jamiyat hayotiga moslashtirish uchun organizmning yoʻq boʻlgan (tugʻma) va (yoki) rivojlanmagan funksiyalarini shakllantirishga qaratilgan tibbiy, ijtimoiy, pedagogik, psixologik jihatdan tuzatish va boshqa tuzatish chora-tadbirlari majmuidir.
Abilitatsiya qilish boʻyicha xizmatlar xavf guruhidagi bolalarga koʻrsatiladigan tibbiy-ijtimoiy, psixologik va pedagogik jihatdan tuzatish xizmatlarini, shuningdek boshqa tuzatish xizmatlarini oʻz ichiga oladi.
