31-modda. Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza
Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida (O‘RQ-641-son) · Sana: 15.10.2020 · Amalda
Fuqaroni nogironligi boʻlgan shaxs yoki oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan bolani nogironligi boʻlgan bola deb topish tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi.
Shaxs tibbiy-ijtimoiy ekspertizaga davlat tibbiyot muassasasi tomonidan yuboriladi, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, tibbiyot tashkilotlari nogironligi belgilari aniq koʻrinib turgan shaxslarni klinik-funksional maʼlumotlarni olishga doir qoʻshimcha tekshiruvlarni oʻtkazmasdan turib, tibbiy-ijtimoiy ekspertizaga yuborishga haqli.
Agar shaxs sogʻligʻining holatiga koʻra tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasiga borish imkoniga ega boʻlmasa va bu tibbiyot muassasasining xulosasi bilan tasdiqlansa, tibbiy-ijtimoiy ekspertiza shaxsning xohishiga koʻra uning uyida yoki shaxs davolanishda boʻlgan statsionarda oʻtkaziladi.
Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining majlislarida mahalliy mehnat organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining, kasaba uyushmalarining, sugʻurta tashkilotlarining va boshqa tashkilotlarning vakillari, shuningdek nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari vakillari ishtirok etishi mumkin.
Tekshiruvdan oʻtkazish tibbiy hujjatlar qabul qilingan kundan eʼtiboran yigirma kalendar kundan kechiktirmay tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan oʻtkaziladi. Tibbiy-ijtimoiy ekspertizadan oʻtish uchun yuborilgan shaxs tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tomonidan tekshiruvdan oʻtkazish kuni toʻgʻrisida tibbiy hujjatlar qabul qilingan kundan eʼtiboran ikki ish kuni ichida xabardor qilinadi. Nogironlik aniqlangan taqdirda, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan hujjatlar qabul qilingan sanadan boshlab fuqaro nogironligi boʻlgan shaxs deb eʼtirof etiladi.
Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza natijalari boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxs deb topilgan fuqaroga — nogironlik guruhi, uning belgilanish sababi va muddatlari, oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan bolalarga esa qayta tekshiruvdan oʻtish muddati bilan — “Nogironligi boʻlgan bolalar” toifasi belgilanadi.
Qayta tekshiruvdan oʻtkazish muddati koʻrsatilmaydigan nogironlik inson aʼzolari funksiyalarining hamda organizmi tizimlarining barqaror, asliga qaytarib boʻlmas tarzdagi morfologik oʻzgarishlari va buzilishlari mavjud boʻlgan, amalga oshirilgan reabilitatsiya tadbirlarining samarasizligi oqibatida kasallikning kechishi va sogʻliqning tiklanishini, ijtimoiy moslashuvni yaxshilash mumkin boʻlmagan taqdirda, belgilangan tartibda tasdiqlangan kasalliklar va anatomik nuqsonlar roʻyxatiga muvofiq belgilanadi.
