29-modda. Nogironligi boʻlgan shaxsning faksimil imzosi
Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida (O‘RQ-641-son) · Sana: 15.10.2020 · Amalda
Nogironligi boʻlgan shaxsning faksimil imzosi — sogʻligʻining holatiga koʻra (koʻrishning buzilishi, qoʻl-oyoqlar yoʻqligi, harakatlarni muvofiqlashtirishning buzilishi, falajlik) oʻz qoʻli bilan imzo qoʻyish imkoniyatiga ega boʻlmagan nogironligi boʻlgan shaxsning oʻz qoʻli bilan qoʻygan imzosi oʻrnini bosadigan, maxsus tayyorlangan shtamp (klishe).
Nogironligi boʻlgan shaxsning faksimil imzosi nogironligi boʻlgan shaxs tomonidan faqat, agar u oʻzining jismoniy nuqsonlari sababli zarur hujjatlarni imzolash chogʻida oʻz qoʻli bilan imzo qoʻyish imkoniyatiga ega boʻlmasa, qoʻllanilishi mumkin.
Faksimil imzo nogironligi boʻlgan shaxs uchun tayyorlanadi va uning tomonidan butun hayoti davomida foydalaniladi. Faksimil imzo yoʻqolgan taqdirda uning dublikati tayyorlanadi.
Hech kim faksimil imzodan foydalanishi munosabati bilan oʻz fuqarolik huquqlarini amalga oshirishda cheklanishi mumkin emas.
