28-modda. Murojaat qilish huquqi
Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida (O‘RQ-641-son) · Sana: 15.10.2020 · Amalda
Nogironligi boʻlgan shaxslar davlat organlariga, tashkilotlarga va ularning mansabdor shaxslariga yakka tartibda yoki jamoa boʻlib murojaat qilish huquqiga ega.
Davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari murojaatlarni koʻrib chiqayotganda Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi hamda qonunlari talablariga rioya etishi, ushbu murojaatlarning toʻliq, xolisona va oʻz vaqtida koʻrib chiqilishi uchun choralar koʻrishi, shuningdek nogironligi boʻlgan shaxslarning buzilgan huquqlari, erkinliklari tiklanishini hamda ularning qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash yuzasidan oʻz vakolatlari doirasida choralar koʻrishi shart.
Davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari nogironligi boʻlgan shaxslarning murojaatlar (arizalar, shikoyatlar, takliflar) bilan kirishi uchun quyidagilar vositasida zarur shart-sharoitlar yaratishi shart:
shaxslararo muloqot vositasi sifatida imo-ishora tilini eʼtirof etish va qoʻllab-quvvatlash, shuningdek uni rivojlantirish hamda jamiyat va davlat hayot faoliyatining turli sohalarida qoʻllash choralarini koʻrish;
nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish va amalga oshirish uchun zarur boʻlgan hollarda surdotarjima xizmatlarini koʻrsatish;
nogironligi boʻlgan shaxslar tomonidan oʻz murojaatini imzolash uchun faksimil imzodan foydalanish.
Eshitishi va nutqi boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxslarga:
tergov harakatlarini amalga oshirishda yoki konstitutsiyaviy jinoyat, fuqarolik, maʼmuriy va iqtisodiy ishlar boʻyicha sud protsesslarida ishtirok etish chogʻida;
hujjatlarni yoki bitimlarni notarial tartibda rasmiylashtirishda;
avtomobilni boshqarish koʻnikmalariga yoki kompyuter savodxonligiga oʻqish chogʻida;
davlat xizmatlari koʻrsatish chogʻida surdotarjimon xizmatlari koʻrsatiladi.
Eshitishi va nutqi boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxslarga surdotarjimon xizmatlari qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda ham koʻrsatilishi mumkin.
Davlat har yili surdotarjimonlar, surdopedagoglar, defektologlar va logopedlar tayyorlanishini taʼminlaydi.
