3-modda. Tegishli davlat hokimiyati vakillik organlarining qoʻshma majlisida saylangan senatorni chaqirib olish tartibini tashkil etish haqida
Xalq deputatlari mahalliy kengashi deputatini, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatini va Senati aʼzosini chaqirib olish toʻgʻrisida (708-II-son) · Sana: 02.12.2004 · Amalda
Tegishli davlat hokimiyati vakillik organlarining qoʻshma majlisida saylangan senator eng avvalo tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining deputati boʻlib, u tegishli davlat hokimiyati vakillik organining deputati sifatida chaqirib olinadi.
Markaziy saylov komissiyasi Senatning senatorni chaqirib olish zarurligi toʻgʻrisidagi qaroriga muvofiq senator tegishli davlat hokimiyati vakillik organi deputati etib saylangan saylov okrugida ovoz berishni tashkil etadi. Bunda ovoz berish deputatni chaqirib olish boʻyicha oʻtkaziladi.
Tegishli davlat hokimiyati vakillik organlarining qoʻshma majlisida saylangan senator deputatlik maqomini yoʻqotganidan keyin, tegishincha deputatni chaqirib olish boʻyicha ovoz berish natijalari roʻyxatga olingan paytdan eʼtiboran senatorlik maqomini ham yoʻqotadi.
