2-modda. Deputatni, senatorni chaqirib olish zarurligi toʻgʻrisidagi qaror
Xalq deputatlari mahalliy kengashi deputatini, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatini va Senati aʼzosini chaqirib olish toʻgʻrisida (708-II-son) · Sana: 02.12.2004 · Amalda
Qonunchilikni, axloq va deputatlik odobi normalarini buzgan, oʻz vazifalarini muntazam ravishda bajarmayotgan deputatni, senatorni chaqirib olish zarurligi toʻgʻrisidagi qaror tegishincha xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi, Qonunchilik palatasi yoki Senat (Senat Kengashi) tomonidan qabul qilinadi.
Deputatni, senatorni chaqirib olish masalasini koʻrish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarning qonunchilikda belgilangan tartibda kiritilgan soʻrovi, shuningdek uni deputatlikka nomzod qilib koʻrsatgan siyosiy partiyaning taklifi asos boʻlishi mumkin.
Deputatning, senatorning qonunchilikni buzganligi dalillariga oid materiallar xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi, Qonunchilik palatasi yoki Senat (Senat Kengashi) tomonidan tegishincha viloyat, tuman, shahar prokuroriga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga dastlabki tarzda koʻrib chiqish va ushbu masala yuzasidan xalq deputatlari Kengashining, Qonunchilik palatasining yoki Senatning deputatlik odobi qoʻmitasiga (komissiyasiga) xulosa taqdim etish uchun topshiriladi.
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi, Qonunchilik palatasi yoki Senat (Senat Kengashi) deputatlik odobi qoʻmitasining (komissiyasining) va prokurorning xulosalarini eshitish yakunlari boʻyicha deputatni, senatorni chaqirib olish haqidagi masalaning qoʻyilishi asosliligi yoxud asossizligi toʻgʻrisida qaror chiqaradi.
Chaqirib olish toʻgʻrisidagi masalasi qoʻyilgan deputatning, senatorning hamda mazkur masalaga doir materiallarni oʻrgangan va tayyorlagan prokurorning fikri xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining, Qonunchilik palatasining yoki Senatning (Senat Kengashining) majlisida eshitilishi mumkin.
Chaqirib olish toʻgʻrisidagi taklif asosli deb eʼtirof etilgan taqdirda davlat hokimiyati vakillik organining tegishli qarori deputatni, senatorni chaqirib olish boʻyicha ovoz berishni tashkil etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga (bundan buyon matnda Markaziy saylov komissiyasi deb yuritiladi) yuboriladi.
