35-modda. Alohida muhofaza etiladigan oʻzga tabiiy hududlarni muhofaza qilish
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida (871-XII-son) · Sana: 07.05.1993 · Amalda
Suvni muhofaza qilish mintaqalarini (tegralarini) muhofaza qilish tabiatni muhofaza qilish va suv xoʻjaligi idoralari tomonidan taʼminlanadi. Suvni muhofaza qilish mintaqalari (tegralari) tarkibiga kiruvchi yerlar cheklangan xoʻjalik faoliyati yuritish uchun korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolarga ular egaligiga, foydalanishiga birkitib qoʻyilayotgan yoki ijaraga berilayotgan hollarda suvni muhofaza qilish mintaqalarini (tegralarini) muhofaza qilish vazifasi mazkur korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va fuqarolar zimmasiga yuklanadi.
Suv obyektlarining sanitariya muhofaza tegralari ichki ishlar idoralari tomonidan muhofaza etiladi.
Kurort tabiiy hududlarni va rekreatsiya tegralarini muhofaza qilish davlat hokimiyati va boshqaruvi mahalliy idoralari tomonidan, tabiatni muhofaza qilish idoralari tomonidan taʼminlanadi.
Botanika bogʻlarini, dendrologiya bogʻlarini va hayvonot bogʻlarini muhofaza qilishni ularning maʼmuriyatlari taʼminlaydilar.
Qoʻriqlanma (oraliq) tegralarni muhofaza qilishni hududida qoʻriqlanma (oraliq) tegralar joylashgan yer egalari va yerdan foydalanuvchilar taʼminlaydilar. Qoʻriqlanma (oraliq) tegralarning hududi korxonalarga, muassasalarga, tashkilotlarga berilmagan hollarda bu tegralarni muhofaza qilish tabiatni muhofaza qilish idoralari tomonidan taʼminlanadi.
Oʻrmonlarning taʼqiqlangan mintaqalarini muhofaza qilishni oʻrmonni muhofaza qilish idoralari taʼminlaydilar.
Baliq xoʻjaligi tegralarini muhofaza qilishni mazkur suv obyektida baliqchilik bilan shugʻullanuvchi korxonalar hamda tabiatni muhofaza qilish idoralari taʼminlaydilar.
