34-modda. Davlat buyurtma qoʻriqxonalari va davlat tabiat yodgorliklarini muhofaza qilish
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida (871-XII-son) · Sana: 07.05.1993 · Amalda
Davlat buyurtma qoʻriqxonalari va davlat tabiat yodgorliklarini muhofaza qilishni davlat buyurtma qoʻriqxonalari va davlat tabiat yodgorliklari qaysi korxona, muassasa va tashkilotning yer maydonida joylashgan boʻlsa, ana shu korxona, muassasa va tashkilot amalga oshiradi.
Basharti davlat buyurtma qoʻriqxonasi yoki davlat tabiat yodgorligi tasarruf etish yoxud foydalanish uchun berilmagan yer maydonida joylashgan boʻlsa, u holda bunday qoʻriqxona yoki tabiat yodgorligini muhofaza qilishni u qaysi idoraning qaramogʻida boʻlsa, ana shu idora taʼminlaydi.
Korxona, muassasa va tashkilotlar davlat buyurtma qoʻriqxonalari hamda davlat tabiat yodgorliklari muhofaza qilinishini taʼminlamaydigan hollarda davlat buyurtma qoʻriqxonasi va davlat tabiat yodgorligi egallab turgan yer maydoni hamda muhofaza qilinishini taʼminlash uchun zarur unga tutash hudud yer egalaridan va yerdan foydalanuvchilardan olib qoʻyilishi mumkin.
Agar davlat tabiat yodgorligi muayyan yerdan foydalanuvchi, yer egasi yoki suvdan foydalanuvchiga birkitib qoʻyilmagan yer maydonida yoki suv obyektida joylashgan boʻlsa, ularning muhofaza qilinishi davlat hokimiyati va boshqaruvi mahalliy idoralari tomonidan taʼminlanadi.
