30-modda. Viloyatlarning maʼmuriy markazlarini belgilash va koʻchirish
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi toʻgʻrisida (O‘RQ-635-son) · Sana: 28.08.2020 · Amalda
Viloyatlarning maʼmuriy markazlarini belgilash va koʻchirish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taklifiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tegishli viloyatlar hokimlarining iltimosnomalari asosida amalga oshiriladi.
Tegishli viloyat hokimi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
viloyatning maʼmuriy markazini belgilash yoki koʻchirish zarurligi va maqsadga muvofiqligi asoslantirilgan iltimosnoma;
tegishli viloyat xalq deputatlari Kengashining viloyat maʼmuriy markazini belgilash yoki koʻchirish masalasiga doir qarori;
tegishli viloyat hokimi tomonidan tashkil etilgan komissiya xulosasi;
viloyatning maʼmuriy markazini belgilash yoki koʻchirish bilan bogʻliq tegishli hisob-kitoblar va xarajatlarni moliyalashtirish manbalari.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tegishli viloyat hokimining viloyat maʼmuriy markazini belgilash yoki koʻchirish haqidagi iltimosnomasini iltimosnoma kelib tushganidan keyin oʻttiz kun ichida koʻrib chiqadi va uni maʼqullaydi yoki rad etadi.
Tegishli viloyat hokimining viloyat maʼmuriy markazini belgilash yoki koʻchirish haqidagi iltimosnomasi maʼqullangan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi viloyatning maʼmuriy markazini belgilash yoki koʻchirish haqidagi taklifni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining va Senatining qarorlari loyihalarini oʻn kun ichida tayyorlaydi hamda ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hujjatlar bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga koʻrib chiqish uchun kiritadi.
