29-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasining poytaxtini belgilash va koʻchirish
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi toʻgʻrisida (O‘RQ-635-son) · Sana: 28.08.2020 · Amalda
Qoraqalpogʻiston Respublikasining poytaxtini belgilash va koʻchirish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining roziligi bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan amalga oshiriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasining poytaxtini belgilash yoki koʻchirish zarurligi va maqsadga muvofiqligi asoslantirilgan taklif;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan tashkil etilgan komissiya xulosasi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasining poytaxtini belgilash yoki koʻchirish bilan bogʻliq tegishli hisob-kitoblar va xarajatlarni moliyalashtirish manbalari.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Qoraqalpogʻiston Respublikasining poytaxtini belgilash yoki koʻchirish toʻgʻrisidagi taklifi kelib tushgandan keyin oʻn kun ichida uni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Prezidiumining qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga Qoraqalpogʻiston Respublikasining poytaxtini belgilash yoki koʻchirishga rozilik berish masalasini koʻrib chiqish uchun yuboradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari oʻttiz kun ichida ushbu masalani koʻrib chiqadi va Qoraqalpogʻiston Respublikasining poytaxtini belgilash yoki koʻchirishga rozilik berish masalasi boʻyicha qarorlar qabul qiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Qoraqalpogʻiston Respublikasining poytaxtini belgilash yoki koʻchirishga rozilik berish toʻgʻrisidagi qarorlari kelib tushgandan keyin oʻn kun ichida Qoraqalpogʻiston Respublikasining poytaxtini belgilash yoki koʻchirish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
