Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi toʻgʻrisida (402-II-son)
30.08.2002
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
donor — oʻz qoni va uning tarkibiy qismlaridan bir qismini tibbiyot ehtiyojlari uchun ixtiyoriy ravishda beruvchi jismoniy shaxs;
donor qoni banki — qon bilan ishlash xizmati tomonidan vujudga keltiriladigan va yangilab boriladigan, uzoq muddat saqlashga moʻljallangan donor qoni tarkibiy qismlarining zaxiralari;
donor qoni preparatlari — donor qoni tarkibiy qismlarini qayta ishlashda olingan davolash vositalari;
donor qoni tarkibiy qismlari — qonning qon plazmasi va hujayralari shaklidagi tarkibiy qismlari.
3-modda. Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi toʻgʻrisidagi qonunchilik
Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining qon va uning tarkibiy qismlari donorligi toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
4-modda. Qon va uning tarkibiy qismlari donorligining asosiy prinsiplari
Qon va uning tarkibiy qismlari donorligining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qon va uning tarkibiy qismlarini topshirishning ixtiyoriyligi;
qon va uning tarkibiy qismlarini topshirishning inson uchun bezararligi;
donor qoni va uning tarkibiy qismlarini ishlatish xavfsizligi.
5-modda. Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirishning ixtiyoriyligi
Qon va uning tarkibiy qismlarini tibbiyot ehtiyojlari uchun topshirish donor tomonidan ixtiyoriylik asosida amalga oshiriladi.
Shaxsni qon va uning tarkibiy qismlarini topshirishga biron-bir tarzda majburlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
6-modda. Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirishning inson uchun bezararliligini taʼminlash
Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirishning inson uchun bezararliligi qon bilan ishlash xizmati tomonidan donor boʻlishga rozilik bildirgan shaxsni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, qon va uning tarkibiy qismlarini olishda tibbiyot xodimlarining sanitariya-gigiyena normalari va qoidalariga rioya etishi, shuningdek qon va uning tarkibiy qismlarini topshirishning davriyligi va hajmiga rioya etilishi orqali taʼminlanadi.
7-modda. Donor qoni va uning tarkibiy qismlarini ishlatish xavfsizligini taʼminlash
Donor qoni va uning tarkibiy qismlarini ishlatish xavfsizligini taʼminlash sogʻliqni saqlash tizimi davolash-profilaktika muassasalarining tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. Tibbiyot xodimlari donor qoni va uning tarkibiy qismlari sifati hamda xavfsizligini kafolatlovchi belgilangan standartlarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishlari shart.
8-modda. Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish shartlari
Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish bepul va pulli asosda amalga oshirilishi mumkin.
Donor qonining tarkibiy qismlarini keyinchalik, zarurat boʻlganda, donorning oʻziga ishlatilishini koʻzlab topshirish (autodonorlik) qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
9-modda. Tibbiy koʻrikdan oʻtkazish
Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish yoshi oʻn sakkizga toʻlgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda tibbiy koʻrikdan oʻtkazilganidan keyingina amalga oshiriladi.
Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish oldidan shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish hamda ularning salomatligi toʻgʻrisida hujjat berish bepul amalga oshiriladi.
10-modda. Donor qoni va uning tarkibiy qismlarini toʻplash, tayyorlash, qayta ishlash, saqlash va ishlatish
Donor qoni va uning tarkibiy qismlarini toʻplash, tayyorlash, qayta ishlash va saqlashni qon bilan ishlash xizmati amalga oshiradi.
Donor qoni va uning tarkibiy qismlarini, shuningdek donor qoni preparatlarini ishlatish sogʻliqni saqlash tizimining davolash-profilaktika muassasalarida amalga oshiriladi.
Donor qoni va uning tarkibiy qismlarini toʻplash, tayyorlash, qayta ishlash, saqlash hamda ishlatish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
11-modda. Donor qoni va uning tarkibiy qismlariga boʻlgan ehtiyojlar
Donor qoni va uning tarkibiy qismlariga, shuningdek donor qoni preparatlariga boʻlgan ehtiyojlar, donor qoni bankini vujudga keltirish va yangilab borish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
12-modda. Qon bilan ishlash xizmati
Qon bilan ishlash xizmati donor qoni va uning tarkibiy qismlarini toʻplashga, tayyorlashga, qayta ishlashga va saqlashga ixtisoslashtirilgan tibbiyot tashkilotlari hamda donor qoni va uning tarkibiy qismlaridan farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan farmatsevtika tashkilotlari majmuidan iboratdir.
Qon bilan ishlash xizmati faoliyatini muvofiqlashtirib borish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.
13-modda. Qon bilan ishlash xizmati vakolatlari
Qon bilan ishlash xizmati qon va uning tarkibiy qismlari donorligini tashkil etishni quyidagi yoʻllar bilan amalga oshiradi:
donor qoni va uning tarkibiy qismlarini toʻplash, tayyorlash, qayta ishlash, saqlash;
aholini qon va uning tarkibiy qismlarini ixtiyoriy ravishda topshirishga jalb etish;
donor qoni va uning tarkibiy qismlarini, shuningdek donor qoni preparatlarini ishlatish xavfsizligi sharoitlarini taʼminlash;
donor qoni va uning tarkibiy qismlari, shuningdek donor qoni preparatlarining tashilishini tashkil etish;
donor qoni bankini vujudga keltirish va yangilab borish.
Qon bilan ishlash xizmati qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
14-modda. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasidagi vakolatlari
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari oʻz vakolatlari doirasida:
aholi orasida begʻaraz donorlik madaniyatini shakllantirish, donorlik harakatini keng jamoatchilik ishtirokida rivojlantirish, donorlarga sifatli xizmatlar koʻrsatish va ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratish choralarini koʻradilar;
qon va uning tarkibiy qismlari donorligi toʻgʻrisidagi qonunchilik ijro etilishini taʼminlaydilar;
oʻz hududlarida qon va uning tarkibiy qismlari donorligini tashkil etadilar;
qon va uning tarkibiy qismlari donorligini rivojlantirishga mahalliy budjetdan mablagʻlar ajratadilar.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasida qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishlari mumkin.
15-modda. Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasidagi majburiyatlari
Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar maʼmuriyati, harbiy qism komandirlari (boshliqlari):
shaxslarni donorlar safiga jalb qilishda qon bilan ishlash xizmatiga koʻmaklashadilar;
tibbiy koʻrikdan oʻtadigan kuni va qon topshiradigan kuni donorni uning murojaatiga binoan ish, xizmat yoki oʻqish joyidan sogʻliqni saqlash muassasalariga borishiga moneliksiz ruxsat beradilar, donorning shu kunlari ish yoki xizmat joyida boʻlmasligi odamlar hayoti yoki sogʻligʻiga xavf tugʻdirishiga, davlat mudofaasi, xavfsizligi va jamoat tartibini taʼminlash bilan bogʻliq vazifalar bajarilmasligiga yoki boshqa ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan hollar bundan mustasno;
qon topshirish tashkil etilishi uchun zarur boʻlgan binolarni berib turadilar;
donorga qonunchilikda belgilangan kafolatlarni beradilar hamda ragʻbatlantirish choralarini qoʻllaydilar.
16-modda. Nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining qon va uning tarkibiy qismlari donorligini rivojlantirishdagi ishtiroki
Oʻzbekiston Qizil Yarim oy jamiyati, boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari aholini qon va uning tarkibiy qismlari bepul donorligiga jalb qilishda, donorlarga turli shakldagi ragʻbatlantirishlar belgilashda, ommaviy axborot vositalari orqali aholining keng xabardor qilinishini tashkil etishda hamda qon va uning tarkibiy qismlari donorligini rivojlantirishga doir boshqa tadbirlarda ishtirok etishlari mumkin.
Aholini qon va uning tarkibiy qismlari bepul donorligiga jalb etish maqsadida qon va uning tarkibiy qismlari donorligini rivojlantirish jamoat fondlari tashkil etilishi mumkin, bunday fondlarni tashkil etish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
17-modda. Donorning huquqlari
Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish chogʻida donor qonunchilikda belgilangan tartibda quyidagi huquqlarga ega:
sogʻligʻi saqlanishi kafolatining tibbiyot xodimlari tomonidan taʼminlanishi;
sogʻligʻiga yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishi;
bepul ovqat bilan taʼminlanish.
Donor qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
18-modda. Donor boʻlishga rozilik bildirgan shaxsning majburiyatlari
Donor boʻlishga rozilik bildirgan shaxs tibbiy koʻrikdan oʻtish paytida oʻzi bilgan ilgarigi va hozirgi kasalliklari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni maʼlum qilishi shart.
19-modda. Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish tartibi
Qon topshirish davriyligi bir martalik qon olish besh yuz millilitrdan, shuningdek laboratoriya tekshiruvlari uchun qirq millilitrdan ortiq boʻlmagan normada yiliga besh marotabadan oshmasligi kerak.
Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
20-modda. Donorga beriladigan kafolatlar va kompensatsiyalar
Qon va uning tarkibiy qismlarini topshiradigan kuni, shuningdek tibbiy koʻrikdan oʻtadigan kuni donor ana shu kunlar uchun oʻrtacha ish haqi saqlangan holda ishdan ozod qilinadi.
Oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarining oʻquvchilari, oliy taʼlim tashkilotlarining talabalari, taʼlim oluvchilarning boshqa toifalari qon va uning tarkibiy qismlarini topshiradigan kuni, shuningdek tibbiy koʻrikdan oʻtadigan kuni mashgʻulotlardan, harbiy xizmatchilar esa naryadlarni bajarishdan, xizmatni oʻtashning vaxta va boshqa shakllaridan ozod qilinadilar.
Donorga har safar qon va uning tarkibiy qismlarini topshirgan kunning bevosita ertasiga dam olish uchun oʻrtacha ish haqi saqlangan holda qoʻshimcha bir kun beriladi. Donorning xohishiga koʻra mazkur dam olish kuni har yilgi mehnat taʼtiliga qoʻshib berilishi mumkin.
21-modda. Donorni ragʻbatlantirish
Qon va uning tarkibiy qismlarini muntazam ravishda hamda bepul topshiruvchi donor “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanadi va bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravari miqdorida bir yoʻla beriladigan pul mukofoti oladi.
“Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan donorlarga:
oʻzlari uchun qulay boʻlgan vaqtda har yilgi mehnat taʼtiliga chiqish;
shahar yoʻlovchilar transportidan (yoʻnalishli va yoʻnalishsiz taksilardan tashqari) bepul foydalanish;
sanatoriy-kurortlarda davolanish uchun yoʻllanmalarni navbatsiz olish huquqi beriladi.
Donor qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa shakllarda ham ragʻbatlantirilishi mumkin.
22-modda. Qon bilan ishlash xizmati tibbiyot xodimlarini ijtimoiy himoyalash
Qon bilan ishlash xizmatining qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish, ularni toʻplash, tayyorlash, qayta ishlash va saqlash jarayonida qon bilan aloqada boʻluvchi tibbiyot xodimlariga qonunchilikka muvofiq imtiyozlar beriladi.
23-modda. Donor qoni va uning tarkibiy qismlarini, shuningdek donor qoni preparatlarini olib kirish va olib chiqish
Donor qoni va uning tarkibiy qismlarini, shuningdek donor qoni preparatlarini Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish va Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
24-modda. Donor qoni va uning tarkibiy qismlarini, shuningdek donor qoni preparatlarini tashish
Donor qoni va uning tarkibiy qismlarini, shuningdek donor qoni preparatlarini tashish tegishli transport turlarida ayrim toifadagi maxsus yuklarni tashish boʻyicha belgilangan talablarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
Donor qoni va uning tarkibiy qismlarini, shuningdek donor qoni preparatlarini tashish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
25-modda. Favqulodda vaziyatlarda qon va uning tarkibiy qismlari donorligini tashkil etish
Oʻzbekiston Respublikasi hududida tabiiy ofatlar, avariyalar va falokatlar, epidemiyalar, epizootiyalar roʻy bergan hollarda va boshqa favqulodda vaziyatlarda qon va uning tarkibiy qismlari donorligini tashkil etish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
26-modda. Qon va uning tarkibiy qismlari donorligini rivojlantirish tadbirlarini moliyalashtirish
Qon va uning tarkibiy qismlari donorligini rivojlantirish tadbirlarini moliyalashtirish Davlat budjeti mablagʻlari va qonunchilikda man etilmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
27-modda. Nizolarni hal etish
Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
28-modda. Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 30-avgust,
402-II-son
