9-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi vakolatlari
“Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-633-son) · Sana: 17.08.2020 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oʻz vakolatlari doirasida:
odam savdosiga qarshi kurashish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini taʼminlaydi;
odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va ularning amalga oshirilishini taʼminlaydi;
odam savdosidan jabrlanganlarni dastlabki va yakuniy identifikatsiya qilishni amalga oshirish, shuningdek odam savdosidan jabrlanganlarni qayta yoʻnaltirish tartibini tasdiqlaydi;
odam savdosidan jabrlanganlarga, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarga yordam koʻrsatish hamda ularni himoya qilish maqsadida odam savdosidan jabrlanganlarga yordam koʻrsatish va ularni himoya qilish boʻyicha ixtisoslashtirilgan muassasalar faoliyatini tashkil etadi;
odam savdosidan jabrlanganlarga, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarga yordam koʻrsatish va ularni himoya qilish tartibini tasdiqlaydi;
davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning odam savdosiga qarshi kurashishga doir hamkorligini taʼminlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
