33-modda. Odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlik
“Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-633-son) · Sana: 17.08.2020 · Amalda
Odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlik Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi va xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasining odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro shartnomalarini, shu jumladan odam savdosidan jabrlanganlarning ijtimoiy reabilitatsiyasi va moslashuvi masalalari boʻyicha xalqaro shartnomalarini ishlab chiqish hamda ularni tuzishni tashkil etish;
odam savdosining va u bilan bogʻliq jinoyatlarning oldini olish, aniqlash, ularga chek qoʻyish maqsadida chet davlatlarning ixtisoslashtirilgan vakolatli organlari bilan hamkorlik qilish, shu jumladan tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshirish;
odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan tezkor xabardor qilishning, taʼsir choralari koʻrishning va nazorat qilishning axborot tizimlarini va vositalarini birgalikda yaratish hamda rivojlantirish;
odam savdosiga qarshi kurashish sohasida tajriba almashish.
Odam savdosiga qarshi kurashishga doir faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari chet davlatlarning vakolatli organlariga zarur axborot taqdim etish toʻgʻrisida soʻrovlar yuborish va ularning soʻrovlariga javob qaytarish huquqiga ega.
Odam savdosiga qarshi kurashishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi organlar va tashkilotlar odam savdosining oldini olish, odam savdosidan jabrlanganlarni identifikatsiya qilish, ularni himoya qilish va ularga yordam koʻrsatish maqsadida odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatni amalga oshiruvchi xalqaro va chet el tashkilotlari bilan hamkorlikni amalga oshirishi mumkin.
Odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatni amalga oshiruvchi xalqaro va chet el tashkilotlari bilan hamkorlik odam savdosiga qarshi kurashishga, shu jumladan odam savdosidan jabrlanganlarga yordam koʻrsatish va ularni himoya qilish markazlarini tashkil etish vositasida qarshi kurashishga qaratilgan xalqaro texnik yordam koʻrsatish loyihalarini amalga oshirish shaklida hamda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.
