32-modda. Odam savdosidan jabrlangan voyaga yetmagan shaxsni, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan voyaga yetmagan shaxsni himoya qilish va unga yordam koʻrsatishning oʻziga xos xususiyatlari
“Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-633-son) · Sana: 17.08.2020 · Amalda
Odam savdosidan jabrlangan voyaga yetmagan shaxsga, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan voyaga yetmagan shaxsga Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida kafolatlangan hamda Oʻzbekiston Respublikasining bolalar huquqlarini va bu huquqlarni amalga oshirish kafolatlarini tartibga soluvchi xalqaro shartnomalari asosida huquq hamda erkinliklar taʼminlanadi.
Agar odam savdosidan jabrlangan voyaga yetmagan shaxsning, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan voyaga yetmagan shaxsning yoshi nomaʼlum boʻlsa, biroq u oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan deb taxmin qilish uchun obyektiv asoslar mavjud boʻlsa, bunday shaxsning haqiqiy yoshi uzil-kesil aniqlanguniga qadar unga ushbu moddada va boshqa qonunchilik hujjatlarida odam savdosidan jabrlangan voyaga yetmagan shaxslarga, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan voyaga yetmagan shaxslarga yordam koʻrsatish uchun nazarda tutilgan yordam beriladi.
Odam savdosidan jabrlangan voyaga yetmagan shaxs, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan voyaga yetmagan shaxs ixtisoslashtirilgan muassasalarga kattalardan ajratilgan holda joylashtirilishi kerak.
Ixtisoslashtirilgan muassasalarga joylashtirilgan odam savdosidan jabrlangan voyaga yetmagan shaxslarga, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan voyaga yetmagan shaxslarga davlat taʼlim muassasalarida taʼlim olish, oilasi yoki qarindoshlari bilan aloqa bogʻlash imkoniyati taʼminlanadi.
Agar odam savdosidan jabrlangan voyaga yetmagan shaxslar, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan voyaga yetmagan shaxslar qonuniy vakillarining homiyligisiz qolgan boʻlsa yoki ularning turgan yeri toʻgʻrisida xabardor qilinmagan boʻlsa, ota-onasini yoki ota-onasi oʻrnini bosuvchi shaxslarni yoxud boshqa qarindoshlarini qidirish choralari koʻriladi.
