27-modda. Odam savdosidan jabrlanganlarning xavfsizligi choralari va ularga taqdim etiladigan boshqa kafolatlar
“Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-633-son) · Sana: 17.08.2020 · Amalda
Odam savdosida gumon qilinayotgan shaxslarni topish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilish istagini bildirgan odam savdosidan jabrlangan shaxsga “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq xavfsizlik choralari taʼminlanadi.
Ushbu Qonunga muvofiq odam savdosidan jabrlangan deb tan olingan chet el fuqarosiga yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsga, uning Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirishi holatlaridan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha boʻlish huquqi beriladi.
Agar chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq jinoyat ishi boʻyicha jabrlanuvchi yoki guvoh deb tan olingan boʻlsa yoxud tegishli organlarga odam savdosida gumon qilinayotgan shaxsni topishda yordam koʻrsatayotgan boʻlsa, odam savdosida aybdor boʻlgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi boʻyicha qaror chiqarilguniga qadar ushbu chet el fuqarosiga yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsga nisbatan chiqarib yuborish chora-tadbirlari tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotgan organ mansabdor shaxsining, tergovchining, prokurorning, sudyaning asoslantirilgan iltimosnomasiga koʻra qoʻllanilmaydi.
Odam savdosidan jabrlanganlarni kelib chiqish mamlakatiga yoki oʻzlari doimiy yashaydigan davlatga qaytarish Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Odam savdosidan jabrlanganlar majburlov yoki tahdid ostida sodir etilgan qilmishlari uchun Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilikda belgilangan tartibda fuqaroviy, maʼmuriy va jinoiy javobgarlikdan ozod etiladi.
