15-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining, Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi vakolatlari
“Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-633-son) · Sana: 17.08.2020 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari oʻz vakolatlari doirasida:
odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritadi;
odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarni dastlabki identifikatsiya qilishni amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida odam savdosidan jabrlangan, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashash guvohnomasi boʻlgan fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir faoliyatni amalga oshiradi;
odam savdosidan jabrlanganlarning, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarning Oʻzbekiston Respublikasiga qaytishiga koʻmaklashadi, ularda shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlmagan taqdirda esa ularning shaxsini aniqlash choralarini koʻradi hamda ularga Oʻzbekiston Respublikasiga qaytish huquqini beruvchi hujjatlarni konsullik yigʻimlarini va boshqa yigʻimlarni undirmasdan rasmiylashtiradi;
zarur hollarda, konsullik muassasasi joylashgan davlatning tegishli vakolatli organlariga Oʻzbekiston Respublikasining odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchiligi haqida maʼlumotlar taqdim etadi;
odam savdosidan jabrlanganlarga, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarga ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari haqida axborot taqdim etadi;
odam savdosiga qarshi kurashishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
