14-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi vakolatlari
“Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-633-son) · Sana: 17.08.2020 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi oʻz vakolatlari doirasida:
odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritadi;
odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarni dastlabki identifikatsiya qilishni amalga oshiradi;
xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida zoʻravonlikka, majburiy mehnatga va kamsitishga, mehnat va boshqa huquqlari buzilishiga duchor etilgan, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz, tirikchilik uchun mablagʻlarsiz qolgan fuqarolarni huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qiladi, shuningdek ularga moddiy yordam koʻrsatadi;
odam savdosidan jabrlanganlarni ishga joylashtirish choralarini koʻradi;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini ishga joylashtirishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi, shu jumladan xorijda amalga oshiruvchi yuridik shaxslar tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qiladi;
odam savdosiga qarshi kurashishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
