12-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi vakolatlari
“Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-633-son) · Sana: 17.08.2020 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi oʻz vakolatlari doirasida:
odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritadi;
odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarni dastlabki identifikatsiya qilishni amalga oshiradi;
odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilikning aniq va bir xilda ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
odam savdosiga qarshi kurashish sohasida tergovga qadar tekshiruvni, surishtiruvni va dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi;
odam savdosiga qarshi kurashish sohasida aholining huquqiy ongini, huquqiy madaniyatini yuksaltirishga va qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan targʻibotda ishtirok etadi;
odam savdosi bilan bogʻliq jinoyatlarning statistik hisobini amalga oshiradi;
odam savdosiga qarshi kurashishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
