11-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi vakolatlari
“Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-633-son) · Sana: 17.08.2020 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oʻz vakolatlari doirasida:
odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi;
odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarni dastlabki identifikatsiya qilishni amalga oshiradi;
odam savdosi bilan bogʻliq jinoyatlarni fosh etish boʻyicha tezkor-qidiruv faoliyatini tashkil etadi hamda amalga oshiradi, jinoyat ishlari boʻyicha tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergov oʻtkazilishini taʼminlaydi, shu jumladan zamonaviy texnologiyalar va axborot tizimlaridan foydalangan holda ushbu faoliyatni tashkil etadi hamda amalga oshiradi, tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergov oʻtkazilishini taʼminlaydi;
odam savdosi bilan shugʻullanuvchi shaxslar, uyushgan guruhlar va jinoiy uyushmalarning faoliyatiga chek qoʻyish yuzasidan xalqaro tashkilotlar hamda boshqa davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
odam savdosi bilan shugʻullanuvchi shaxslar, uyushgan guruhlar va jinoiy uyushmalar haqida tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga axborot taqdim etadi;
ommaviy axborot vositalari ishtirokida aholi oʻrtasida odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha tushuntirish-profilaktika ishlari majmuini amalga oshiradi;
odam savdosiga qarshi kurashish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshiradi;
odam savdosiga qarshi kurashishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
