25-modda. Ovchilik xoʻjaligiga va insonning xoʻjalik faoliyatiga zarar yetkazuvchi yovvoyi hayvonlarni otish (tutib olish)
Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida (O‘RQ-627-son) · Sana: 08.07.2020 · Amalda
Ovchilik xoʻjaligi hududida muayyan vaqt oraligʻida uyalarni buzadigan, yosh yovvoyi hayvonlarni qirib tashlaydigan, boshqa yovvoyi hayvonlarga moʻljallangan ozuqani yeb qoʻyadigan, qishloq xoʻjaligi ekinlariga zarar yetkazadigan, shuningdek hayvonlar va inson uchun xavfli kasalliklarni tarqatuvchilar boʻlgan sutemizuvchilar, qushlar yoki yovvoyi hayvonlarning boshqa turlari ovchilik xoʻjaligiga va insonning xoʻjalik faoliyatiga zarar yetkazuvchi yovvoyi hayvonlar deb eʼtirof etilishi mumkin.
Ovchilik xoʻjaligiga va insonning xoʻjalik faoliyatiga zarar yetkazuvchi deb eʼtirof etilishi mumkin boʻlgan yovvoyi hayvonlarning turlari ovchilik xoʻjaliklarining talabnomalariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi.
Ovchilik xoʻjaligiga va insonning xoʻjalik faoliyatiga zarar yetkazuvchi yovvoyi hayvonlarni otish (tutib olish) ovchilik xoʻjaligining yovvoyi hayvonlarni hamda ov qilish joylarini muhofaza qilish, yovvoyi hayvonlar sonini tartibga solish bilan bogʻliq majburiyatlarni bajaradigan xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
Ovchilik xoʻjaligiga va insonning xoʻjalik faoliyatiga zarar yetkazuvchi yovvoyi hayvonlarni otish (tutib olish) uchun zararli hamda quturgan hayvonlarni yoʻq qilish boʻyicha brigadalardan ovchilar jalb etilishi mumkin.
Ovchilik xoʻjaligiga va insonning xoʻjalik faoliyatiga zarar yetkazuvchi deb eʼtirof etilgan tutib olingan yovvoyi hayvonlar hisobga olinishi lozim. Tutib olingan hayvonlar toʻgʻrisidagi (turlari, soni, tutib olingan joyi va muddati boʻyicha) axborot Ekologiya qoʻmitasining hududiy boʻlinmalariga kalendar yil tugaganidan keyin oʻn besh kun ichida taqdim etiladi.
