22-modda. Ov qilishning xavfsizlik qoidalari
Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida (O‘RQ-627-son) · Sana: 08.07.2020 · Amalda
Ovchi oʻziga tegishli ov qurolining tuzilishini, ushbu quroldan foydalanishda qismlarining bajaradigan vazifasini va oʻzaro taʼsirini, ishlatiladigan oʻq-dorilarning texnik hamda ballistik koʻrsatkichlarini, shuningdek ov qurolini va uning oʻq-dorilarini saqlash, olib yurish, tashish va qoʻllash qoidalarini bilishi shart.
Quyidagilar taqiqlanadi:
texnik jihatdan nosoz boʻlgan ov qurolini va uning oʻq-dorilarini, shu jumladan metalli qismida koʻzga koʻrinadigan zang alomatlari paydo boʻlgan patronlarini qoʻllash;
“Qurol toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq muomalada boʻlishi cheklangan qurolni va uning oʻq-dorilarini qoʻllash;
oʻqlangan ov quroli bilan transport vositasiga chiqish va undan tushish;
yigʻilgan ov qurolini transport vositalaridan, shu jumladan yer ustida harakatlanadigan, havoda parvoz qiladigan vositalardan, kichik oʻlchamli kemalardan, aravalardan, chanalardan yoki boshqa transport vositasidan stvolining ogʻzini oʻziga qaratgan holda olish;
shovqinga, shitirlashga, aniq koʻrinmayotgan nishonga qarata, tuman paytida, kuchli qor yogʻayotganida, sutkaning qorongʻi vaqtida, quyoshga qarata va yaxshi koʻrinmaydigan boshqa sharoitlarda, shuningdek koʻrinish cheklangan sharoitlarda 2,5 metrdan (yer yoki suv yuzasidan) pastlikda uchayotgan qushga qarata oʻq uzish;
aholi punktlariga bir kilometrdan yaqin masofada, avtobus qatnaydigan avtomobil yoʻllariga uch yuz metrdan yaqin masofada oʻqlangan ov quroli bilan boʻlish;
ov qurolini, shu jumladan oʻqlanmagan ov qurolini odamga oʻqtalish, odamlarga, uy hayvonlariga, transport vositalariga qarata oʻq uzish;
aholi punktlariga bir kilometrdan kam masofadan silliq stvolli ov qurolidan va ikki kilometrdan kam masofadan soyli stvolli ov qurolidan oʻq uzish;
zaruratsiz oʻq uzish, tashqi tepkili qurolning tepkisini koʻtarish yoki ichki tepkili qurolni saqlagichdan chiqarish;
kichik oʻlchamli kemadan undagi eshkakchilar yoki boshqa ovchilar uzra oʻq uzish;
yaralangan yovvoyi hayvonni ov qurolining qoʻndogʻi bilan urib oʻldirish;
hosil yigʻim-terimi jarayonida qishloq xoʻjaligi ekinlari maydonlarida ov qilishni amalga oshirish;
alkogolli ichimlik, giyohvandlik moddasi taʼsiridagi yoki oʻzgacha tarzdagi mastlik holatida ov qilishni amalga oshirish.
