15-modda. Yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvota
Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida (O‘RQ-627-son) · Sana: 08.07.2020 · Amalda
Yovvoyi hayvonlarni tutishga doir har yilgi kvota yovvoyi hayvonlarning koʻp miqdorda tutiladigan turlariga, shuningdek yovvoyi hayvonlarning kamyob va oz sonli turlariga nisbatan belgilanadi. Yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvota hayvonot dunyosi obyektlarining davlat kadastri maʼlumotlaridan, yovvoyi hayvonlar sonini hisobga olish va tutiladigan yovvoyi hayvonlarni hisobga olish maʼlumotlaridan, respublikadagi mavjud oʻrmon xoʻjaliklaridan hamda shunday faoliyat bilan shugʻullanuvchi boshqa jismoniy va yuridik shaxslardan olingan yovvoyi hayvonlarni hisobga olish maʼlumotlaridan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
Kelgusi yil uchun yovvoyi hayvonlarni tutishga doir talabnomalar jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan joriy yilning 1-noyabridan 15-noyabriga qadar (qoʻshimcha kvota uchun 1-apreldan 15-aprelga qadar) Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasiga topshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi talabnomalar asosida yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvota loyihasini tayyorlaydi. Bunda Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan kamyob va yoʻqolib borayotgan yovvoyi hayvonlar turlarini tabiiy yashash muhitidan ajratib olishga doir kvota loyihasi 25-noyabrga qadar (qoʻshimcha kvota uchun 25-aprelga qadar) Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga yuboriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan kamyob va yoʻqolib borayotgan yovvoyi hayvonlar turlarini tabiiy yashash muhitidan ajratib olishga doir kvota loyihasi boʻyicha olib borilgan ilmiy izlanishlar va chop etilgan ilmiy tadqiqotlar asosidagi xulosasini 5-dekabrga qadar (qoʻshimcha kvota uchun 5-mayga qadar) Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasiga taqdim etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvotalarni 10-dekabrga qadar (qoʻshimcha kvota uchun 10-mayga qadar) boʻlgan muddatda tasdiqlaydi, kvotani taqsimlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi hamda uni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi qoʻmitasiga, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasining viloyatlar hamda Toshkent shahar Ekologiya va iqlim oʻzgarishi bosh boshqarmalariga (bundan buyon matnda Ekologiya qoʻmitasining hududiy boʻlinmalari deb yuritiladi) yuboradi.
