11-modda. Ovchilik resurslarini va ov qilish joylarini muhofaza qilish
Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida (O‘RQ-627-son) · Sana: 08.07.2020 · Amalda
Ovchilik resurslarini va ov qilish joylarini muhofaza qilish quyidagilar orqali amalga oshiriladi:
biologik xilma-xillikni saqlash hamda yovvoyi hayvonlarning barqaror yashashini taʼminlash;
yovvoyi hayvonlardan oqilona foydalanish va ularni takror koʻpaytirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
gʻayriqonuniy ov qilishga (brakonyerlikka) qarshi kurashish;
yovvoyi hayvonlarning yashash muhiti, boʻlish va urchish joylarini, ularning koʻchib oʻtish yoʻllarini muhofaza qilish;
ov qilish muddatlariga rioya etilishi va tutiladigan yovvoyi hayvonlarning soni ustidan nazorat qilish;
ov qilish joylari hududida yongʻinga qarshi choralar koʻrish;
ov qilish joylari hududida yerlarni haydash va dov-daraxtlarni kundakov qilishning oldini olish;
suv obyektlarini suv havzalarining gidrologik va gidrogeologik rejimi buzilishiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan nomaqbul hodisalardan muhofaza qilish.
