38-modda. Arizalar va taqdimnomalarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari Komissiyasida dastlabki tarzda koʻrib chiqilishi
Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida (632-XII-son) · Sana: 02.07.1992 · Amalda
Ushbu Qonunning 30-moddasida koʻrsatilgan fuqarolikka oid masalalarni dastlabki tarzda koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Fuqarolik masalalari Komissiyasini tuzadi.
Fuqarolik masalalariga oid arizalar va taqdimnomalarni koʻrib chiqish paytida Komissiya ariza beruvchining dalillarini, taqdimnomaning mazmunini, davlat idoralari va jamoat tashkilotlarining xulosalarini, boshqa hujjatlarni hamda tegishli tarzda rasmiylashtirilgan guvohlar koʻrsatmalarini atroflicha baholaydi.
Basharti, shaxs Qoraqalpogʻiston Respublikasiga borib yashamoqchi boʻlsa, Komissiya Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining uni Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul etish yoki uning fuqaroligini tiklash maqsadga muvofiq yoki muvofiq emasligi toʻgʻrisidagi, shu jumladan respublikada unga ish, turar-joy va boshqa qulayliklar berish imkoniyati bor-yoʻqligi haqidagi fikrini eʼtiborga oladi.
Komissiya oʻz ixtiyoridagi ish yuzasidan materiallar va hujjatlarni tegishli davlat idoralari va jamoat tashkilotlaridan talab qilib olishga haqlidir, bu davlat idoralari va jamoat tashkilotlari esa komissiya belgilagan muddatda zarur maʼlumotni taqdim etadilar.
Komissiya har bir ariza yoki taqdimnoma yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga takliflar kiritadi.
Komissiyaning qarori bayon bilan rasmiylashtiriladi, uni komissiyaning majlisda qatnashgan barcha aʼzolari imzolaydilar.
