37-modda. Fuqarolik masalalariga oid arizalar yuzasidan xulosalar
Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida (632-XII-son) · Sana: 02.07.1992 · Amalda
Fuqarolik masalalariga oid arizani rasmiylashtirayotgan ichki ishlar organi yoki tegishli diplomatiya vakolatxonasi yoxud konsullik muassasasi mazkur ariza yuzasidan asoslangan xulosasini chiqaradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi fuqarolik masalalariga oid arizalar yoki taqdimnomalar yuzasidan oʻz xulosalarini hamda boshqa zarur hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi fuqarolik masalalari komissiyasi nomiga yuboradilar.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish toʻgʻrisidagi arizalarga oid xulosalarda ariza beruvchining davlat oldida bajarilmay qolgan majburiyatlari yoki uning fuqarolar yoxud davlat, kooperativ va boshqa jamoat tashkilotlari muhim manfaatlari bilan bogʻliq boʻlgan mulkiy majburiyatlari xususidagi, uni ayblanuvchi sifatida jinoiy javobgarlikka tortish haqidagi, yoxud unga nisbatan sudning qonuniy kuchga kirgan, ijro etilishi lozim boʻlgan hukmi mavjudligi haqidagi yo boʻlmasa mazkur shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqishi Oʻzbekiston Respublikasining davlat xavfsizligi manfaatlariga zidligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham xabar qilinadi.
