21-modda. Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotish
Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida (632-XII-son) · Sana: 02.07.1992 · Amalda
Quyidagi hollarda Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi yoʻqotilishi mumkin:
1) shaxs chet davlatda harbiy xizmatga, xavfsizlik xizmati idoralariga, politsiyaga, adliya idoralariga yoki davlat hokimiyati va boshqaruvining boshqa idoralariga ishga kirganligi natijasida;
2) agar chet elda doimiy yashovchi shaxs uch yil ichida uzrli sabablarsiz konsullik hisobiga turmagan boʻlsa;
3) agar Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi yolgʻonligi shak-shubhasiz maʼlumotlar yoki soxta hujjatlar taqdim etish natijasida olingan boʻlsa;
4) agar shaxs chet davlat foydasini koʻzlab faoliyat yuritish yoki tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar sodir etish orqali jamiyat va davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazgan boʻlsa;
5) agar shaxs chet davlatning fuqaroligini olgan boʻlsa.
Chet davlatning fuqaroligini qabul qilgan shaxs ushbu fakt haqida oʻttiz kun ichida Oʻzbekiston Respublikasining ichki ishlar organlariga yoki chet eldagi konsullik muassasalariga xabar berishi shart.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni chiqqan kundan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi yoʻqotiladi.
