14-modda. Deputatni va senatorni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida (704-II-son) · Sana: 02.12.2004 · Amalda
Deputatni, senatorni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi masala Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining tegishli palatasi tomonidan oʻn kun ichida hal etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining deputatni jinoiy javobgarlikka tortish, ushlab turish, qamoqqa olish yoki sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazoni qoʻllashga rozilik olish toʻgʻrisidagi taqdimnomasi Qonunchilik palatasi tomonidan koʻrib chiqiladi, Qonunchilik palatasining sessiyalari oraligʻidagi davrda esa, uning Kengashi tomonidan koʻrib chiqilib, Qonunchilik palatasi Kengashining ushbu masalaga doir qarori keyinchalik Qonunchilik palatasining sessiyasida tasdiqlanadi. Senatorni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi masala Senat tomonidan uning majlisida, Senatning majlislari oraligʻidagi davrda esa, Senatning Kengashi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Qonunchilik palatasining, Senatning yoki palatalar Kengashlarining deputatni, senatorni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik berish masalasiga doir qarori darhol Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga yuboriladi.
Deputatni, senatorni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik olgan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori ish yuritish tamomlangan kundan eʼtiboran uch kunlik muddat ichida Qonunchilik palatasiga yoki Senatga ishni tergov qilish, sudda koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisida xabar qilishi shart.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tegishli palatasining deputatni, senatorni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik berishni rad etishi unga nisbatan jinoyat ishini yuritishni yoki sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazoni nazarda tutadigan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni yuritishni istisno etadigan va bunday ishlarni tugatishga sabab boʻladigan holat hisoblanadi. Tegishli ishni tugatish toʻgʻrisidagi qaror faqat yangi ochilgan holatlar mavjud boʻlgan taqdirda bekor qilinishi mumkin.
