13-modda. Deputatning va senatorning daxlsizlik huquqi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida (704-II-son) · Sana: 02.12.2004 · Amalda
Deputat, senator oʻzining vakolatlari muddati mobaynida daxlsizlik huquqiga ega boʻladi.
Tegishli palataning roziligisiz deputat, senator jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazoga tortilishi mumkin emas.
Deputatni, senatorni majburiy keltirishga, shuningdek uning uy-joyi, xizmat xonasini, yuki, shaxsiy va xizmat transporti vositalarini, yozishmalarini, u foydalanayotgan aloqa vositalarini, shuningdek unga tegishli hujjatlarni koʻzdan kechirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Deputat, senator tegishli palatada ovoz berish chogʻida fikr bildirganligi yoki nuqtai nazarini bayon etganligi uchun hamda oʻz vakolatlarini amalga oshirishi bilan bogʻliq boshqa harakatlari uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emas, shu jumladan vakolatlari muddati tugaganidan keyin ham javobgarlikka tortilishi mumkin emas. Agar shunday xatti-harakatlar munosabati bilan deputat, senator haqorat qilishga, tuhmat qilishga yoki qonunda javobgarlik nazarda tutilgan boshqa qonunbuzarliklarga yoʻl qoʻygan boʻlsa, u daxlsizlik huquqidan mahrum qilingan taqdirda javobgarlikka tortiladi.
