22-modda. Qishloq xoʻjaligi kooperativida (shirkat xoʻjaligida) mehnat
Qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) toʻgʻrisida (600-I-son) · Sana: 30.04.1998 · Amalda
Qishloq xoʻjaligi kooperativida (shirkat xoʻjaligida) mehnat munosabatlari ushbu Qonun, boshqa qonun hujjatlari, kooperativning (shirkatning) ustavi va ichki ish tartibi bilan tartibga solinadi.
Qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) ustavda belgilangan vazifalarni bajarish uchun kooperativ (shirkat) aʼzosi boʻlmagan shaxslarni mehnat shartnomasi boʻyicha ishga jalb etishi mumkin.
Qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) kooperativ (shirkat) aʼzolari va yollangan xodimlarning mehnatiga haq toʻlash shakllari, tizimi va shartlarini qonunchilikka hamda oila (jamoa) pudratiga muvofiq mustaqil ravishda belgilaydi.
Qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) aʼzolariga mulkiy paylar boʻyicha toʻlangan dividendlar mehnat haqi tarkibiga kiritilmaydi.
Qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) mehnatni muhofaza qilish, texnika xavfsizligi boʻyicha belgilangan normalar va qoidalarga, ishlab chiqarish sanitariyasi talablariga rioya etilishini taʼminlaydi.
Qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) aʼzolarini va unda mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan shaxslarni ijtimoiy taʼminlash qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
