21-modda. Oila (jamoa) pudrati shartnomasi
Qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) toʻgʻrisida (600-I-son) · Sana: 30.04.1998 · Amalda
Oila (jamoa) pudrati shartnomasi har yili qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) raisi orqali mazkur kooperativ (shirkat) va oila boshligʻi (jamoaning vakolat berilgan vakili) oʻrtasida tuziladi.
Oila (jamoa) pudrati shartnomasi boʻyicha oila (xodimlar guruhi) pudratchi sifatida muayyan qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtirish va uni buyurtmachiga — qishloq xoʻjaligi kooperativiga (shirkat xoʻjaligiga) kelishilgan muddatlarda topshirish majburiyatini oladi, buyurtmachi esa, mazkur mahsulotni qabul qilish va uning uchun haq toʻlash majburiyatini oladi.
Oila (jamoa) pudrati shartnomasida quyidagilar nazarda tutiladi:
yer uchastkasining oʻlchami, joylashgan manzili va holati;
yer uchastkasidan foydalanish shartlari, taraflarning almashlab ekish sxemasiga muvofiq qishloq xoʻjalik ekinlari hosildorligini va yer sifatini oshirish, tuproq unumdorligini saqlash va oshirish boʻyicha majburiyatlari;
yetishtiriladigan qishloq xoʻjaligi mahsulotining miqdori va turlari, uning sifati;
yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotining bahosi, unga haq toʻlash va uni realizatsiya qilish shartlari;
sugʻorish uchun suv va moddiy-texnika resurslari bilan pudratchini taʼminlash;
taraflarning shartnoma majburiyatlarini bajarmaganlik uchun javobgarligi va ularning xohishiga koʻra boshqa shartlar.
Pudratchi, agar oila (jamoa) pudrati shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, ishlarni bajarish usullarini mustaqil ravishda belgilaydi, ularni oʻz kuchi va vositalari bilan amalga oshiradi. Buyurtmachi pudratchiga oila (jamoa) pudrati shartnomasida nazarda tutilgan hajmda va tartibda ishlarni bajarishda koʻmaklashishi shart. Koʻrsatilgan ishlarning bajarilishini moddiy-texnikaviy taʼminlash, agar oila (jamoa) pudrati shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, buyurtmachi tomonidan amalga oshiriladi. Ishlar tugaganidan keyin pudratchi buyurtmachi tomonidan berilgan moddiy-texnika resurslaridan foydalanilganlik toʻgʻrisida buyurtmachiga hisobot taqdim etishi, shuningdek ularning qoldigʻini buyurtmachiga qaytarishi yoxud pudratchidagi foydalanilmay qolgan moddiy-texnika resurslari qiymatini hisobga olgan holda haq toʻlanishi lozim boʻlgan ishlar qiymatini buyurtmachining roziligi bilan kamaytirishi shart.
Oila (jamoa) pudratida mehnatga haq toʻlash yakuniy natijalarga koʻra — yetishtirilgan mahsulotning shartnomada nazarda tutilgan miqdori, sifati va bahosiga qarab amalga oshiriladi. Shu bilan birga oila aʼzolari (pudratchilar) — pay egalari xoʻjalikning yil davomidagi faoliyati yakuniy natijalariga koʻra aniqlanadigan dividendlar oladilar.
