15-modda. Yer uchastkalarini oila (jamoa) pudrati shartnomasi shartlari asosida berish
Qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) toʻgʻrisida (600-I-son) · Sana: 30.04.1998 · Amalda
Qishloq xoʻjaligi kooperativida (shirkat xoʻjaligida) umumiy majlisning qaroriga asosan yer uchastkalari, qoida tariqasida, oilalarga (jamoalarga) qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetishtirish uchun oila (jamoa) pudrati shartnomasi shartlari asosida vaqtincha foydalanishga kamida besh yil muddatga beriladi. Yer uchastkasidan foydalanish muddati tugaganidan keyin oilalar (jamoalar) oila (jamoa) pudrati shartnomasini yangi muddatga uzaytirish huquqiga egadir.
Oila (jamoa) pudrati shartlari asosida beriladigan yer uchastkalaridan qatʼiy belgilangan maqsadda foydalaniladi, bunda haydaladigan yerlar maydoni oʻlchamlarining kamaytirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Yer uchastkasining oʻlchamlari va uning chegaralari taraflarning kelishuviga binoan oʻzgartirilishi mumkin.
Pudrat shartnomasi shartlari asosida olingan yer uchastkasini ijaraga yoki yordamchi pudratga berish taqiqlanadi.
Pudratchidan oila (jamoa) pudrati shartlari asosida berilgan yer uchastkasidan foydalanganlik uchun haq undirilmaydi.
Yer uchastkasi jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilgan taqdirda pudratchi zarar (shu jumladan boy berilgan foyda) va boshqa xarajatlar qonunchilikka muvofiq qoplanishini talab qilish huquqiga ega.
